Tashqi savdo operatsiyalari hajmini oshirish, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, O‘zbekistonda yangi va zamonaviy omborlar hamda logistika markazlari qurilishiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, transport va logistika sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish maqsadida O‘zbekiston logistika uyushmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi ko‘magida "O‘zbekiston omborlari va logistika markazlari" raqamli platformasi yaratildi. (www.skladi.uz)
Raqamli platformaning asosiy vazifasi milliy va xorijiy savdo va investitsiya kompaniyalari tomonidan O‘zbekiston ombor va logistika markazlari xizmatlariga bo‘lgan talabning tobora ortib borayotganini qondirishdan iborat.
"O‘zbekiston omborlari va logistika markazlari" raqamli platformasi respublika hududida mavjud omborlar va logistika markazlarining joylashuvi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Ushbu platforma orqali O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar tadbirkorlari tovarlar nomenklaturasi bo‘yicha ombor yoki logistika markazi (qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari, maishiy texnika, farmatsevtika mahsulotlari va h.k.) ixtisoslashuvi, shuningdek, yopiq va ochiq omborlar hududida bo‘sh joylar, shu jumladan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va tez buziladigan tovarlar uchun muzlatgichli omborlar mavjudligi to‘g‘risida bepul ma’lumot olishi mumkin.
Ushbu platforma omborlar va logistika markazlari egalari va o‘z mahsulotlarini joylashtirish hamda saqlash uchun bo‘sh joylarni qidiradigan tadbirkorlar manfaatlariga teng xizmat qiladi.
Shu bilan birga, "maxsus takliflar" alohida funksiyasi mavjud bo‘lib, omborlar, ombor uskunalari, yuklash va tushirish uskunalarini sotish, ijaraga olish va sotib olishni, shuningdek, saqlash uchun arizalarni qabul qilishni nazarda tutadi.
Mazkur axborot maydonchasi "yagona darcha" tamoyillariga javob beradi, unda transport va savdo logistikasi ishtirokchilari elektron shaklda bir joyda tovarlarni saqlash bilan bog‘liq zarur axborot va xizmatlarni ko‘rishlari va olishlari mumkin.
Ushbu axborot resursi ishlab chiqarish va savdo kompaniyalari, tadbirkorlar (yuk egalari) va transport kompaniyalari (tashuvchilar), shuningdek, yuklarni ekspeditorlik, sug‘urta qilish va bojxona rasmiylashtiruvi bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatuvchi kompaniyalar va tashkilotlar uchun foydalidir.
Transport vazirligi mutaxassislari bilan hamkorlikda tashkil etilgan raqamli platforma samarali transport va ombor xizmatlarini tashkil etish, transport va logistika kompaniyalari faoliyati uchun raqobat muhiti va qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, yuk tashish tizimini takomillashtirish va rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, mazkur platforma O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan omborlar va logistika markazlari, ularning hajmi va ixtisosligi, jihozlanishi va xizmat ko‘rsatish darajasi, xalqaro standartlar va umume’tirof etilgan tasniflarga muvofiqligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni birlashtiradi. Shuningdek, u O‘zbekiston ombor logistikasining holati va rivojlanish istiqbollarini tahlil qilish uchun axborot bazasi bo‘lib xizmat qiladi, bu esa o‘z navbatida rivojlanish prognozlarini shakllantirish va jalb qilish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.